Yangiliklar

O‘zbekistondagi tuman va mahallalarga 7 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi

«Yangi O‘zbekiston» qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla tanlab olindi
Mahalla
O‘zbekistondagi qancha tuman va mahallalarga budjetdan mablag‘ ajratiladi. Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv uzbekistan

O‘zbekistondagi tuman va mahallalarga 7 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, «Yangi O‘zbekiston» qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla tanlab olindi. Endilikda ushbu har bir tumanga 100 milliard so‘m, har bir mahallaga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan $100 million ham shu maqsadga yo‘naltiriladi. Shuningdek, tanlab olingan hududlardagi «drayver» loyihalar uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m ajratiladi. Umuman olganda, dastur doirasida 7 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Mahallalarga 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi

Viloyat hokimlari har biri ikkitadan, tuman hokimlari esa bittadan og‘ir mahallani belgilab, ularga 5 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltiradi. Shu orqali 236 ta mahalla aholisi hayotida sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, «Tashabbusli budjet» tizimi asosida aholining o‘zi boshlab bergan loyihalarga davlat ko‘mak beradi. Masalan, yo‘l, suv, maktab yoki bog‘cha ta’mirlash ishlari uchun sarflangan xarajatlarning yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Kelgusi yilda bu maqsad uchun 500 milliard so‘m ajratilib, mingta loyiha moliyalashtiriladi.

Mahallalardagi jarimalar mahalla budjetiga yo‘naltiriladi

Mahallalar hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi mahalla budjetiga yo‘naltiriladi. Deputatlarga esa o‘z okruglaridagi mahallalarni rivojlantirish uchun 3 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi.

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» reytingini e’lon qiladi. Reytingda 100 talikka kirgan mahallalarga infratuzilma xarajatining 75 foizi budjetdan to‘lab beriladi va har biriga 2 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

2026-yildan boshlab esa har yili mahallalar budjetiga 200 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqqani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, so‘nggi yillarda 3,5 mingdan ortiq mahalla zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan.