Prezident Birlashgan kurash dunyosi rahbarini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi

Shavkat Mirziyoyev Birlashgan kurash dunyosi rahbari Nenad Lalovichni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekistonda yakkakurash turlarini yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik sportchilar yirik musobaqalarda 45 ta sovrin, jumladan, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Nenad Lalovich mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, infratuzilmani kengaytirish va yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Suhbat chog‘ida yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, Mintaqaviy kurash akademiyasini tashkil etish, sport tibbiyoti va psixologiyasi yo‘nalishlarida hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida Mirziyoyev Nenad Lalovichni O‘zbekistonning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Tojikiston rahbari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi.