«Qayrat» – «Real» o‘yiniga kira olmagan o‘zbekistonlik bolaga Makelele imzosi tushirilgan to‘p sovg‘a qilindi

Olmaotada bo‘lib o‘tgan «Qayrat» – «Real Madrid» o‘yiniga kira olmagan o‘zbekistonlik bola fransiyalik futbolchi Klod Makelele imzolagan to‘pni sovg‘a sifatida oldi. Sovg‘ani unga o‘zbekistonlik tadbirkorlar yetkazib berishdi, deb xabar beradi Kursiv Kazakhstan.
Bola va otasi Viagogo.com sayti orqali $1175 to‘lab chipta sotib olgan, ammo stadionga borgach, ularning chiptalari soxta ekani ma’lum bo‘lgan. Stadion oldida yig‘layotgan bolaning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi.
Keyinchalik Qozog‘istonlik ZTB media asoschisi Marg‘ulan Tursunov ma’lum qilishicha, bola oilasi moliyaviy yordamni rad etgan, Viagogo.com esa chiptalar uchun to‘langan pullarni qaytarib bergan.
Ma’lumot uchun, Klod Makelele — 2000 – 2003-yillarda «Real Madrid» safida o‘ynagan fransuz futbolchisi bo‘lib, u jamoa bilan Chempionlar ligasi, Ispaniya chempionati va UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Qayrat» — «Real» o‘yini Olmaota shahri budjetiga 45 – 65 milliard soʻm foyda keltirgani haqida yozgan edik.