Rossiya 770 ming nafar migrantga nisbatan deportatsiya rejimini joriy etdi

Rossiyada 770 ming migrantga nisbatan deportatsiya rejimi joriy etildi. Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin mamlakatda noqonuniy yashayotgan xorijiy fuqarolarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 10-sentabr kuni «nazorat ostidagi shaxslar reyestri» (ya’ni hujjatlari to‘liq bo‘lmagan, ro‘yxatdan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki ish ruxsatnomasi muddati tugagan migrantlar ro‘yxati) bo‘yicha chet elliklarga berilgan muddat yakunlandi.
Davlat dumasi raisining aytishicha, joriy yilning sakkiz oyida qonunni buzgan 35 mingga yaqin xorijlik mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
«1-sentabr holatiga ko‘ra, nazorat ostidagi shaxslar reyestrida 770 ming migrant bo‘lgan, ularning uchdan bir qismi ayollar va bolalar. Endi ularga nisbatan yangi migratsiya rejimi, ya’ni chiqarib yuborish rejimi amal qiladi», — dedi u.
Bu rejim quyidagi cheklovlarni o‘z ichiga oladi:
- haydovchilik guvohnomasini olish va transport boshqarish taqiqlanadi;
- avtomobil yoki uy-joy sotib olish va sotish mumkin emas;
- bank hisob raqamlari ochish, pul o‘tkazish va jamg‘armalardan foydalanish taqiqlanadi;
- nikohdan o‘tish mumkin emas.
Volodinning ta’kidlashicha, mamlakatda yashash maqomini qonuniylashtirmagan migrantlar Rossiyani tark etishi kerak, aks holda ularni majburiy chiqarib yuborish va jarima kutadi. Bundan tashqari, ushbu shaxslarga kamida besh yil davomida Rossiyaga kirish taqiqlanadi.
Avvalroq Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi huzuridagi Ulamolar kengashi musulmon shaxslarning kuryerlik faoliyati bo‘yicha yangi qaror chiqargandi. Qarorda aytilishicha, agar kuryer faqat halol mahsulotlarni — oziq-ovqat, kiyim-kechak, maishiy texnika, dori-darmon kabi tovarlarni tashiyotgan bo‘lsa, bu ish joiz hisoblanadi. Ammo spirtli ichimliklar, qimor o‘yinlariga oid buyumlar yoki cho‘chqa go‘shti kabi harom mahsulotlarni tashish qat’iyan man etiladi. Faqat ularni yo‘q qilish maqsadida tashish holatiga ruxsat beriladi.