UzPost’da Rossiya investori: imkoniyat yoki tahdid

eʼlon qilindi
Iqtisodchi pochta operatori kapitaliga Wilddberries’ning kirishini baholadi
Foto: UzPost

Oʻzbekiston milliy pochta operatori UzPost’dagi («Oʻzbekiston pochtasi») davlat ulushi Rossiyaning Wildberries kompaniyasi tomonidan sotib olingani haqidagi xabarlar qator ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilindi.

Bir-biridan mustaqil manbalar Wildberriesʼning UzPost’ning davlat ulushini sotib olgani, bitim esa bir necha oydan beri tayyorlanayotganini bildirdi. Kompaniyaning Oʻzbekistonda elektron tijorat bozorini kengaytirish boʻyicha katta rejalari borligi aytilmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Wildberries matbuot xizmatlari hozircha holatga izoh bermadi. Bitim summasi ham oshkor etilmagan.

12-oktabr kuni Kursiv Uzbekistan mahalliy OAVlarga tayanib, Wildberries UzPost’ning davlat ulushini sotib olgani haqida yozgan edi. 13-oktabr kuni UzPost ham bayonot berib, kompaniya infratuzilma va logistikani rivojlantirish uchun investitsiyalar jalb qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Iqtisodchi Shuhrat Boboxo‘jayevning fikricha, agar Wildberries haqiqatan ham UzPost bilan hamkorlikka kirishsa, bu mamlakat pochta tizimining transformatsiyasi uchun ijobiy turtki boʻlishi mumkin.

«UzPost haqiqatan ham raqamli platforma yaratish uchun yirik investitsiyalar va hamkorlarga muhtoj. Agar Wildberries kompaniyani sotib olgani haqidagi mish-mishlar tasdiqlansa, bu pochta operatorini muvaffaqiyatli kompaniyaga aylantira oladigan yaxshi yangilik», — dedi Boboxo‘jayev Kursiv Uzbekistanʼga bergan sharhida.

Uning soʻzlariga koʻra, 2018-yilda UzPost rossiyalik menejer Yevgeniy Birger rahbarligida raqamli modernizatsiya dasturini boshlagan, biroq mablagʻ yetishmasligi sababli loyiha toʻxtab qolgan.

«Shundan beri kompaniya faoliyati sustlashdi, filiallar soni kamaydi. Yirik investor ishtiroki bu jarayonni teskari yoʻnalishda burishi mumkin», — deya qoʻshimcha qildi iqtisodchi.

Wildberries Oʻzbekiston bozorida allaqachon faoliyat yuritmoqda. Kompaniya bu yil mamlakatda yirik logistika majmuasini ishga tushirgan. Shu bilan birga, mahalliy Uzum ekotizimi ham UzPost infratuzilmasi bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida.

Uzum bosh direktori Jasur Jumayevning soʻzlariga koʻra, kompaniya 2026-yilgacha mamlakat boʻylab 1000 dan ortiq buyurtma berish nuqtalarini yaratish va pochta infratuzilmasi orqali yetkaziladigan buyurtmalar ulushini 10 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. U, shuningdek, yaqin 3–4 yil ichida Oʻzbekistonga $1,5 mlrd sarmoya kiritilishini maʼlum qilgan.

Shuningdek