
Samsung Electronics so‘nggi uch yildagi eng yuqori choraklik foydasini qayd etdi. Bunga sun’iy intellekt chiplariga global talabning ortishi va oddiy xotira chiplarining narxi oshgani sabab bo‘ldi, deya yozmoqda Reuters.
Iyul – sentabr oylarida kompaniya 12,1 trln von ($8,5 mlrd) miqdorida foyda olganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga ko‘p bo‘lib, so‘nggi 13 chorakdagi eng yuqori natijadir.
Ma’lumot markazlari serverlarida ishlatiladigan DRAM va NAND xotira chiplariga bo‘lgan talab kuchaygani Samsung’ning SI chiplari savdosidagi pasayishni qoplagan.
TrendForce ma’lumotlariga ko‘ra, serverlar va kompyuterlarda ishlatiladigan ayrim DRAM chiplar narxi bir yil ichida 170 foizdan ortiq oshgan. Mutaxassislar xotira chiplariga bo‘lgan talab kamida 2026-yilgacha saqlanishini kutmoqda.
Samsung raqobatchisi SK Hynix bilan poygada yangi HBM4 chiplarini ishlab chiqish orqali o‘z mavqeyini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung yangi smartfonini taqdim etgan edi.