Lifestyle

Shahram Gʻiyosov WBA chempionlik kamari uchun jang qiladi

Shahram Gʻiyosov WBA chempionlik kamari uchun jang qiladi / Foto: Getty Images

Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) yarim oʻrta vazn toifasida jahon chempioni boʻlgan amerikalik Rolando Romero endilikda oʻzbekistonlik bokschi Shahram Gʻiyosovga qarshi jang oʻtkazishi shartligini rasman e’lon qildi.

WBA ma’lumotiga koʻra, Romero chempionlik kamarini qoʻlga kiritganidan soʻng 120 kun ichida uni himoya qilishi kerak edi, biroq bu muddat 1-sentabrda yakunlangan. Shu sababli tashkilot Romero va Gʻiyosov oʻrtasida majburiy jang oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqardi.

«Romero kamarni olganidan soʻng 120 kun ichida uni himoya qilishi kerak edi. Bu muddat 1-sentabrda tugadi. Shu sababli, majburiy jang toʻgʻrisida qaror chiqarildi. Romero endi rasman Gʻiyosovga qarshi jang qilishi kerak», — deyiladi WBA bayonotida.

Tashkilot ikki bokschining promouterlariga muzokaralar olib borish uchun 30 kunlik muddat belgiladi. Agar bu davrda tomonlar kelishuvga erishmasa, jangni oʻtkazish huquqi auksiоn orqali aniqlanadi.

Foto: WBA

Ma’lumot uchun, Romero professional boksda hozirgacha 19 ta jang oʻtkazgan: 17 gʻalaba (13 tasi nokaut) va 2 magʻlubiyat. Oʻzbekistonlik Shahram Gʻiyosov esa 17 jangda 17 gʻalaba (10 tasi nokaut) bilan magʻlubiyatsiz yurish davom ettirmoqda.

Gʻiyosov oxirgi jangini 2025-yil 13-aprel kuni Franko Maksimiliano Okampoga qarshi oʻtkazgan edi. AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Atlantik-Siti shahrida oʻtgan boks oqshomida Gʻiyosov raqibini 4-raundda nokautga uchratgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lazizbek Mullajonovning WBC kamari uchun ringga chiqishi haqida xabar bergan edi.