
Shavkat Mirziyoyev suv xo‘jaligi tizimini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda boshqaruv samaradorligini oshirish va xususiy sektor uchun jozibadorlikni kuchaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekistonda 50 ming kilometr sug‘orish tarmoqlari, 1,6 ming nasos stansiyasi va 10 mingdan ortiq suv obyektlari faoliyat yuritmoqda.
Yangi yondashuv asosida suv hisobini yuritish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. «Suv hisobi» axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanib, iste’molchilarga elektron tarzda yetkaziladi.

«Raqamli qishloq xo‘jaligi» platformasi bilan integratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida «Raqamlashtirish va monitoring markazi» tashkil etilib, u suv balansi va nasos stansiyalari faoliyatini tahlil qiladi.
Sohada «Davlat suv kadastri» axborot tizimi yaratiladi va 2026-yil apreliga qadar ishga tushiriladi.
2026-yilda bir qator viloyatlardagi nasos stansiyalarining 50 foizi, 2027-yilda esa Namangandagi barcha stansiyalar xususiy sektorga topshiriladi. «Chortoq tajribasi» asosida xususiy sheriklar suv ta’minoti va soliq tushumlarining bir qismini boshqaradi.
Shuningdek, «Suvchilar maktabi» loyihasi doirasida 2025–2026-yillarda har bir tumanda «o‘quv dala-shiypon» tashkil etilib, 3,5 ming gektar maydon qamrab olinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Serbiya agrosektorni raqamlashtirishda hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.