
Xitoy prezidenti Si Szinpin Pekinda bo‘lib o‘tgan global yetakchilar yig‘ilishida ayollar huquqlarini himoya qilish va ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. U nutqida Xitoy BMTning Ayollar bo‘yicha jamg‘armasiga $10 million ajratishini e’lon qildi.
Si Szinpinning ta’kidlashicha, dunyo bo‘ylab 600 milliondan ortiq ayollar va qizlar mojarolar ta’sirida yashamoqda, ularning 10 foizi esa o‘ta qashshoqlikda hayot kechiradi.
Shu sababli Xitoy yaqin besh yilda:
- BMT Ayollar jamg‘armasiga $10 million xayriya qiladi;
- Ayollar va qizlarning rivojiga qaratilgan xalqaro loyihalarga $100 million yo‘naltiradi;
- 50 ming ayolni almashinuv va ta’lim dasturlarida ishtirok etish uchun Xitoyga taklif qiladi.
Bundan tashqari, Xitoy rahbari barcha davlatlarni ayollarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda faol qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, ularning «yashil rivojlanish» va global boshqaruvdagi rolini oshirishga chaqirdi.
Avvalroq Xitoyda ayollarni haqorat qiluvchi Telegram kanallar fosh bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Xitoyda yuzlab ayollar shaxsiy fotosurat va videolari noqonuniy tarzda Telegramda tarqatilgani haqida ma’lum qilgan.
Huquqshunoslar ta’kidlashicha, bunday materiallarni tarqatgan shaxslar haqorat, tuhmat yoki pornografiyani tarqatish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Lekin Telegram Xitoyda bloklanganligi sababli dalillarni to‘plash va sudga yetkazish qiyin.