Avto

Yangi Aion i60 avtomobili qanday xususiyatlarga ega

Avtomobil Toyota bZ3X bilan bir platformada yaratilgan
Aion i60 avtomobili
GAC Aion noyabrda yangi Aion i60 krossoverini taqdim etadi / Foto: CarNewsChina

GAC Aion kompaniyasi tomonidan noyabr oyida yangi Aion i60 avtomobili taqdim etiladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Avtomobil Toyota bZ3X bilan bir platformada yaratilgan. U to‘liq elektr (BEV) va gibrid (PHEV) versiyalarda ishlab chiqariladi. Modelning boshlang‘ich narxi 100 ming yuan (taxminan $14 ming) atrofida bo‘ladi.

Foto: CarNewsChina

Hamkorlikdagi loyiha

Toyota bZ3X Toyota va GAC tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan ixcham elektromobil. U 2025-yil mart oyida Xitoy bozoriga kirgan edi. Narxi 109,800 yuan ($15,430) dan boshlanib, avgust oyigacha 33 748 dona sotilgan. Oktabr oyida GAC kompaniyasi ushbu model asosida o‘z versiyasini — Aion i60 ni chiqishini e’lon qildi.

Dizayn va o‘lchamlar

Aion i60 AEP modulli platformasida yaratilgan. U avval Yevropada namoyish etilgan Aion V modeliga ham asos bo‘lgan. Tashqi ko‘rinishda bZ3X bilan juda o‘xshash: kuzov chizig‘i, eshiklar, oynalar va o‘rnatilgan elementlar bir xil. Biroq faralar, bamper va orqa chiroqlar dizayni yangilangan.

Foto: CarNewsChina

4685×1854×1660 mm, g‘ildirak bazasi 2775 mm, avtomobil 18 yoki 19 dyuymli disklarda harakatlanadi. Ichkarida 5 o‘rinli salon, avtomobilning og‘irligi 1910 kg, to‘liq yuklangan holatda 2350 kg.

Texnik xususiyatlar

Elektr versiyasi 165 kVt (221 ot kuchi) quvvatli bitta elektromotor bilan ishlaydi, maksimal tezligi 160 km/soat. Gibrid (PHEV) versiyada esa 1,5 litrli 74 kVt (101 ot kuchi) benzin dvigateli va 165 kVt elektromotor o‘rnatiladi. U 29,165 kVt·soat LFP batareya bilan ta’minlanib, 160 km elektr yurish masofasini (CLTC) ta’minlaydi.

Foto: CarNewsChina

Bozorga chiqish sanasi

Avtomobil hozirda Xitoyda savdo litsenziyasi olish jarayonida. Aion i60 noyabr oyida ichki bozorda sotuvga chiqadi. Narxning Toyota bZ3X bilan deyarli bir xil bo‘lishi GAC va Toyota hamkorligidagi raqobatni kuchaytirishi mumkin, ammo kompaniya bu orqali o‘z model qatorini kengaytirishni maqsad qilgan.

Avvalroq Chery Fulwin T11 avtomobili haqida yozgan edik.