Andijonda IIB xodimiga pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi

Andijon viloyatida tovlamachilik jinoyatini sodir etgan fuqaro tergov jarayonini yopish uchun ichki ishlar xodimiga pora bermoqchi bo‘lgani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchi sheriklari bilan birgalikda Baliqchi tumanida yashovchi fuqaroni aldab Andijon shahridagi uyga chaqirgan. U yerdan esa uni kiyimsiz holda videoga olib, tasvirni tarqatmaslik evaziga $500 talab qilgan.
Jabrlanuvchi ichki ishlar organlariga murojaat qilganidan so‘ng holat hujjatlashtirildi. Tekshiruv jarayonida gumonlanuvchi tergov ishini yopib yuborish uchun IIB boshlig‘i o‘rinbosariga $300 pora taklif qilgan. U pullarni berayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.