
Apple kompaniyasi tomonidan navbatdagi Apple M5 MacBook Pro (M5 chip bilan) modeli namoyish etilishi kutilmoqda. Taqdimot 15-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Yangi M5 chip
Yangi MacBook Pro Apple M5 chipi bilan ta’minlanadi. Bu chip avvalgi M4’ni almashtiradi. M5 TSMC’ning 3-nanometrli texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, tezlik va energiya samaradorligini sezilarli oshiradi.
MacBook Pro’dagi M5 versiyasi 10 yadroli bo‘lishi kutilmoqda. Bu hozirgi M4 MacBook Pro’dagi darajaga teng, ammo tezlikda ustunlik beradi.
Dizayn o‘zgarmagan
Apple bu safar dizaynni o‘zgartirmagan. M5 MacBook Pro tashqi jihatdan M4 versiyasiga o‘xshash bo‘ladi. Biroq yangi ko‘kimtir rangdagi model paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Marketing tasvirlarida ko‘rinishicha, MacBook Pro iPhone 17 Pro bilan bir xil rang palitrasini oladi. Bu rang Mac’ga yangi uslub bag‘ishlashi aniq.

Kamera va tarmoq modullari haqida ehtimollar
Apple rasmiy tarzda yangi funksiyalarni e’lon qilmagan, biroq sohalararo manbalarga ko‘ra:
yangi modelda iPhone 17’dagi 18 megapikselli «Center Stage» old kamera o‘rnatilishi mumkin. Shuningdek, Bluetooth 6 va Wi-Fi 7 ni qo‘llovchi N1 tarmoq chipi qo‘shilishi ehtimoldan xoli emas.
Hozirgi MacBook Pro modeli hali Wi-Fi 6E darajasida qolayotganini hisobga olsak, bu yangilanish katta texnik qadam bo‘ladi.
Faqat bitta model chiqadimi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple hozircha faqat asosiy 14 dyuymli M5 MacBook Pro’ni taqdim etadi.
Yuqori darajadagi M5 Pro va M5 Max chiplariga ega 14 va 16 dyuymli versiyalar 2026-yil boshida taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shunday qilib, bu yil faqat bitta yangi modelni kutish mumkin.
Chiqarilish sanasi
Apple marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Greg Joswiak 14-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «M5 MacBook Pro» tasvirlarini joylashtirdi. Bu esa taqdimot 15-oktabr ertalab bo‘lib o‘tishini deyarli tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Apple 2026-yilda arzon iPhone 17e modelini taqdim etishi kutilayotgani haqida yozgan edi.