
Bangladesh poytaxti Dakka shahrida joylashgan kiyim-kechak fabrikasida chiqqan yong‘in kamida 16 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Yong‘in seshanba kuni tushdan keyin uchinchi qavatda boshlangan va tez orada kimyoviy omborga tarqalgan, deya xabar bermoqda Reuters.

Yong‘in xizmati rahbari Tajul Islom Choudhuri ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar soni ortishi mumkin, chunki qutqaruv ishlari hali davom etmoqda. Omborda vodorod peroksid, plastmassa va oqartiruvchi moddalarning mavjudligi alangani o‘chirishni murakkablashtirgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fabrikada yong‘inga qarshi xavfsizlik tizimi bo‘lmagan, ayrim eshiklar esa temir panjara bilan berkitilgan. Portlash vaqtida zaharli gaz tarqalib, ko‘plab ishchilar hushini yo‘qotgan va binodan chiqib ulgurmagan.

Yong‘in natijasida jasadlar tanib bo‘lmas darajada kuygan. Mutasaddilar DNK tahlili orqali ularning shaxsini aniqlashga kirishgan. Rasmiylar fabrikani boshqaruvchi shaxslarni topish ustida ish olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Bangladeshda ishlab chiqarish korxonalarida yong‘inlar tez-tez sodir bo‘lib turadi. Mamlakatning tikuvchilik sanoati 4 mln.ga yaqin ishchini band qiladi va yalpi ichki mahsulotning 10 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Shu bois bu sohada xavfsizlik choralarini kuchaytirish masalasi yana kun tartibiga chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antaliya atrofidagi o‘rmonda yong‘in yuz bergani haqida xabar bergan edik.