Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi

eʼlon qilindi
2025-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi
Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi / Foto: 30Trend

Chernogoriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilib kelgan vaqtinchalik vizasiz tartibni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mazkur tartib 2025-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi, deb xabar bermoqda mamlakat hukumatining axborot portali.

Qaror 2024–2027-yillar Islohotlar kun tartibi doirasida hamda Yevropa Ittifoqining 24-bobi — viza siyosati talablarini bajarish maqsadida qabul qilingan. Chernogoriya hukumati bu bilan o‘z viza siyosatini Yevropa Ittifoqi me’yorlariga to‘liq moslashtirishni va YI a’zoligiga qo‘shilish yo‘lidagi majburiyatlarini bajarishga sodiqligini bildirdi.

Endilikda O‘zbekiston fuqarolari Chernogoriyaga safar qilish uchun konsullik yoki viza markazlari orqali rasmiy viza olishlari kerak bo‘ladi. Avval esa ular 180 kunlik muddat ichida 90 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega edilar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yilda Chernogoriya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qilgan, 2023-yil aprelida esa Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talabini bekor qilgan edi. Endi esa bu imtiyoz Yevropa Ittifoqi talablariga moslashish doirasida vaqtincha bekor qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarolariga 25-sentabrdan Iordaniyaga vizasiz rejim joriy etilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek