Habib Nurmagomedov Toshkentda o‘zbekistonlik spotchilar bilan uchrashdi

15-oktabr 2025 18:18 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Habib Nurmagomedov Toshkentda
Foto: IIV

Aralash jang san’ati ustasi va UFC’ning sobiq mutlaq chempioni Habib Nurmagomedov O‘zbekiston Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi taklifi bilan Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mashhur sportchi poytaxtga tashrifi davomida IIV huzuridagi «Jar» sport majmuasida joylashgan Assotsiatsiya markaziy ofisi faoliyati bilan tanishdi.

Habibni O‘zbekiston sport jamoatchiligi vakillari tantanali tarzda kutib olishdi. Mehmonni Assotsiatsiya raisi Aziz Toshpo‘latov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, shuningdek, terma jamoa murabbiylari va sportchilar qarshi oldi.

Tadbir chog‘ida O‘zbekistonda MMA sportining rivoji, sportchilar tayyorgarligi va infratuzilma holati muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va qo‘shma musobaqalar tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

UFC afsonasi Toshkentda
Foto: IIV

«O‘zbekiston bugun boksda dunyoda yetakchilar safida. Agar aralash jang san’atida ham yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratilsa, ular albatta xalqaro sahnada yuqori natijalarga erisha oladi», — dedi Nurmagomedov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Habib Nurmagomedov Toshkentda ko‘rinish bergani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek