Avto

Haval Raptor avtomobilida suv to‘planish muammosi aniqlandi

Kompaniya muammoni zaryad porti qopqog‘i atrofidagi noto‘g‘ri drenaj bilan bog‘lagan
Haval Raptor
Haval Raptor avtomobilida suv to‘planishi muammosi aniqlandi / Foto: Haval

Haval brendi ayrim Haval Raptor PHEV avtomobillarining yukxona ostida suv to‘planishi aniqlangani haqida rasmiy bayonot berdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Kompaniya muammoni zaryad porti qopqog‘i atrofidagi noto‘g‘ri drenaj bilan bog‘lagan. Suv shu joydan ichkariga o‘tib, yukxonada yig‘ilib qolgan.

Haval 14-oktabrda e’lon qilingan bayonotida 15-oktabrdan maxsus tekshiruv kampaniyasini boshlashini ma’lum qildi. Rasmiy servis markazlarida muammo aniqlangan yoki xavf ostidagi avtomobillar bepul ta’mirlanadi. Agar suv tufayli biror detal shikastlangan bo‘lsa, u umrbod kafolat bilan almashtiriladi.

Foto: Haval

Raptor (Xitoyda Menglong) modeli Haval’ning kompakt yo‘ltanlamas gibrid SUV segmentiga mansub. 2026-yilgi versiya ikki oy oldin taqdim etilgan bo‘lib, yangilangan dizayn, 19 dyuymli g‘ildiraklar va Coffee OS 3 multimedia tizimiga ega. Narxlar 173 800 yuandan ($24 400) boshlanadi.

Model 1,5 litrli turbo dvigatel va ikkita elektr motorli Hi4 tizimi bilan jihozlangan. Quvvati 330 kVt, momenti 750 N·m, 0 – 100 km/soat tezlanish esa 5,9 soniyaga teng.

Kompaniya hozircha nechta avtomobil ta’sirlanganini oshkor qilmagan, biroq sifat nazoratini kuchaytirish va drenaj tizimini yaxshilash choralarini ko‘rmoqda.

Avvalroq Haval Big Dog Plus taqdim qilingani haqida yozgan edi.