
Madagaskarda harbiylar mamlakat hokimiyatini egallab, prezident Andri Rajoelinani lavozimidan chetlatdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, prezident parlament tomonidan impichment qilinganidan so‘ng mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.

Polkovnik Maykl Randrianirina davlat radiosida chiqish qilib, armiyaning hokimiyatni o‘z qo‘liga olganini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, barcha davlat institutlari, jumladan, Senat, Konstitutsiyaviy sud va Markaziy saylov komissiyasi faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Mamlakatni ikki yil davomida harbiylar boshchiligidagi o‘tish davri hukumat boshqaradi va yangi saylovlar o‘tkaziladi.

So‘nggi haftalarda yoshlar boshchiligidagi ommaviy noroziliklar mamlakatni beqarorlik girdobiga tortdi. Avval suv va elektr ta’minotidagi uzilishlarga qarshi boshlangan namoyishlar tez orada korrupsiya, ishsizlik va yomon boshqaruvga qarshi umumxalq chiqishlariga aylandi.

Rajoelina esa namoyishlarga qaramay iste’foga chiqishdan bosh tortgan edi. Shu paytda armiyada ham norozilik kuchayib, ayrim bo‘linmalar namoyishchilar tomoniga o‘tdi. Natijada 2009-yilda harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan Rajoelina oradan 16 yil o‘tib yana o‘sha yo‘l bilan hokimiyatdan ag‘darildi.

Madagaskar aholisi hozirda yangi hukumatdan tez orada fuqarolik boshqaruviga o‘tishni va tinchlikni tiklashni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippinda vitse-prezidentga impichment e’lon qilingani haqida yozgan edik.