Yangiliklar

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyotiga 500 million dollar ajratadi

Mablag‘ «Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturi (2-bosqich)» doirasida taqdim etilmoqda
OTB
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyotiga 500 million dollar ajratadi. Foto: OTB

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston iqtisodiyotiga $500 millionlik qarz ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘ «Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturi» (2-bosqich) doirasida taqdim etilmoqda.

Dastur ilgari boshlangan islohotlarga asoslanib, davlat korxonalari boshqaruvini zamonaviylashtirish, fiskal shaffoflikni kuchaytirish va raqobatbardosh iqtisodiy muhitni yaratishni maqsad qiladi.

«Bu dastur O‘zbekistonning islohotlar, inklyuziv o‘sish va global integratsiya yo‘lidagi qat’iy sodiqligini aks ettiradi. OTB strategik hamkor sifatida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish yo‘lida hukumat bilan birga qat’iy turadi. OTB O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish va global miqyosda chuqurroq ishtirok etish yo‘lida mamlakatning to‘liq salohiyatini ochib beradigan islohotlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladi», — deydi OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.

Dastur doirasida quyidagi yo‘nalishlarda islohotlar amalga oshiriladi:

  • davlat-xususiy sheriklik loyihalarida yagona tartiblarni joriy etish;
  • raqobatni kuchaytirish va investitsiyalarni boshqarish bo‘yicha yangi qonunlar qabul qilish;
  • davlat korxonalari boshqaruvini zamonaviylashtirish, jumladan, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini joriy etish va boshqaruv kengashlarida ayollar ulushini oshirish;
  • soliq bazasini kengaytirish va xalqaro soliq hamkorligini rivojlantirish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunni joriy etish.

Shuningdek, dastur ijtimoiy himoya tizimlarini mustahkamlashni ham o‘z ichiga oladi, bu islohotlarning aholining zaif qatlamlariga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda O‘zbekiston va OTB hamkorligiga 30 yil to‘lmoqda. 1995-yildan buyon OTB O‘zbekistonga $14,6 milliardlik qarz, grant va texnik yordam ko‘rsatgan.

Avvalroq OTB 30-sentabr kuni e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozlar o‘zgarmaganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti 2025-yilda 6,6 foiz, 2026-yilda 6,7 foizga o‘sadi. Bu joriy yil birinchi yarmidagi kutilganidan yuqori natijalar va ikkinchi yarmida faollikning pasayishi bilan izohlanadi.

OTB mutaxassislariga ko‘ra, mintaqadagi asosiy xavflar qatoriga AQSh savdo siyosatidagi noaniqlik, Xitoy bilan muzokaralarning cho‘zilishi, geosiyosiy keskinliklar va moliya bozoridagi beqarorlik kiradi.