
FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati arafasida klublarga to‘lanadigan kompensatsiya tizimini yangiladi. Mazkur dastur doirasida o‘zbekistonlik futbolchilarni terma jamoaga yuborgan Superliga klublari ham daromad oladi.
Tashkilotning Club Benefits Program deb nomlanuvchi loyihasi 2010-yildan buyon faol bo‘lib, unda Jahon chempionatida ishtirok etgan futbolchilar uchun ularning klublariga to‘lov amalga oshiriladi. Misol uchun, 2010-yilgi Janubiy Afrika chempionatida umumiy fond $40 million bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yil Qatardagi musobaqada bu miqdor $209 millionga yetgan. Har bir futbolchi uchun klubiga kuniga $10 950, kamida 14 kun uchun esa $153 minggacha to‘langan.

Yangi tizimga ko‘ra, 2026-yilda Kanada, AQSh va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida umumiy kompensatsiya miqdori $355 millionni tashkil etadi. Shundan $100 millioni saralash bosqichida futbolchilarini terma jamoalarga yuborgan klublar o‘rtasida taqsimlanadi.
«Nasaf» klubi eng ko‘p vakilga ega jamoa sifatida e’tirof etilmoqda. Abduvohid Ne’matov, Sherzod Nasrullayev, Akmal Mozgovoy, Zafarmurod Abdurahmatov, G‘olib G‘aybullaev, Alibek Davronov, shuningdek, Umar Eshmurodov va Bobur Abdulxoliqov saralash o‘yinlarida O‘zbekiston termasi safida «Nasaf» futbolchisi sifatida maydonga tushishgan. Bu esa klubga FIFA tomonidan to‘lov olish imkonini beradi.


Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA JCh – 2030 ishtirokchilari sonini 64 taga yetkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.