Avto

O‘zbekistonda yangilangan Chevrolet Cobalt ishlab chiqarilishi boshlandi — foto

Diagnostika moduli ham yangilangan
Chevrolet Cobalt 2025
O‘zbekistonda yangilangan Chevrolet Cobalt ishlab chiqarilishi boshlandi / Foto: Chevrolet

«UzAuto Motors» AJ yangilangan Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Endilikda Cobalt modeli avvalgi uchta komplektatsiyadan tashqari yana ikkita yangi versiyada — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM — xaridorlarga taqdim etiladi.

Foto: Chevrolet
Foto: Chevrolet

Modernizatsiya jarayonida avtomobilning texnik imkoniyatlari sezilarli darajada yangilandi. Xususan, yangi dvigatel boshqaruv bloki o‘rnatildi, gaz taqsimlash va elektron boshqaruv tizimlari takomillashtirildi. Shuningdek, ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari boshqaruv bloklari yangilandi.

Foto: Chevrolet

Diagnostika moduli ham yangilangan bo‘lib, u avtomobilning texnik holatini yanada aniqlik bilan kuzatish imkonini beradi. Umuman olganda, yangi Cobalt modifikatsiyalarida 50 dan ortiq muhim komponentlar yangilangan.

Foto: Chevrolet

Yangilangan Cobalt avtomobillari yaqin kunlarda UzAuto Motors dilerlik markazlarida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. 2025-yil 3-noyabrdan boshlab ushbu yangi modifikatsiyalar barcha Chevrolet dilerlik markazlarida xaridorlarga taqdim etiladi.

Cobalt Midnight MCM komplektatsiyasi dizayn va texnologiya uyg‘unligiga asoslangan. Avtomobil saloni ekocharmdan tayyorlangan, isitish tizimiga ega va yangi tikuv uslubida bezatilgan o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Interyer to‘liq qora ranglarda ishlangan: ruldagi boshqaruv pultlari, polik qoplamasi, asboblar paneli, markaziy konsol, eshik qoplamalari va audio tizim dekorlari yagona rang gammasida bezatilgan.

Eksteryerda ham Midnight uslubining o‘ziga xosliklari saqlangan. Qora rangga bo‘yalgan yon oynalar, qoraytirilgan faralar va qora quyma g‘ildirak disklar avtomobilga sportona, zamonaviy ko‘rinish beradi.

Foto: UzAuto Motors

Yangi komplektatsiyalar uchun tavsiya etilgan narxlar:

  • Cobalt Style MCM — 156 100 000 so‘m
  • Cobalt Midnight MCM — 165 200 000 so‘m

Shuningdek, mavjud komplektatsiyalar narxlari o‘zgarishsiz qoladi:

  • Cobalt Style AT Plus — 147 916 000 so‘m
  • Cobalt Midnight AT — 155 231 000 so‘m

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt 2025 modeli haqida batafsil ma’lumotlarni yozgan edi.