Yangiliklar

Prezident sholichilik klasteri faoliyati bilan tanishdi

Shuningdek, fermerlar jamoasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Prezident sholichilik klasteri faoliyati bilan tanishdi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi «TCT Rice» sholichilik klasteriga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bu yerda sholi yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlashgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiri yo‘lga qo‘yilgan.

Foto: President.uz

Ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lib, daromad kam edi. So‘nggi yillarda sohaga berilgan e’tibor tufayli samaradorlik oshdi. Hozir viloyatda 8,7 ming gektar maydonda sholi ekilib, suv tejovchi texnologiyalar yordamida 60 mln kub metr suv tejalgan.

Foto: President.uz

«TCT Rice» klasteri 2 ming gektardan ortiq maydonda «Iskandar», «Guliston» va «Nukus» navlarini parvarishlamoqda. 985 gektarda hosil yig‘ilib, o‘rtacha hosildorlik 65 – 70 sentnerni, ayrim joylarda 80 – 85 sentnerni tashkil etmoqda.

Foto: President.uz

Prezident fermerlar bilan suhbatda qishloq xo‘jaligida ilm, innovatsiya va suvni tejash texnologiyalarini joriy etish zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga hosildor navlarni ko‘paytirish, qayta ishlashni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Foto: President.uz

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident yangilangan Shota Rustaveli ko‘chasini jamoat transportida aylangan edi.