Prezident yangilangan Shota Rustaveli ko‘chasini jamoat transportida aylandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Rekonstruksiya ishlari davomida qariyb yetti kilometr uzunlikdagi yo‘l yangidan ta’mirlanib, 10 ta qatnov qismiga bo‘lindi: oltitasi avtomobillar, ikkitasi avtobuslar uchun, yana ikkitasi esa to‘xtab turish joyi sifatida ajratilgan.
Toshkentda ilk bor BRT (tezkor avtobus yo‘lagi) tizimi joriy etildi. Bu yo‘lovchi tashishni tezlashtirib, qulayliklarni oshirdi. Natijada yo‘lovchilar oqimi soatiga 2,5 mingdan 6 ming kishigacha oshdi, avtomobil harakati esa kuniga 40 mingtagacha yetdi.




Loyiha doirasida 21 ta yangi bekat, 463 ta «aqlli» svetofor o‘rnatildi, intellektual transport tizimi joriy qilindi. Shuningdek, veloyo‘laklar, yashil hududlar va suv tizimlari ham barpo etildi.
Shuningdek, prezident yo‘lovchilar bilan suhbatlashib, jamoat transportini rivojlantirish, tirbandlikni kamaytirish va Toshkentni Yangi Toshkent bilan bog‘lash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq Shota Rustaveli ko‘chasining o‘rta yo‘lagi faqat avtobuslar uchun mo‘ljallangani haqida xabar berilgandi. Boshqa transport vositalarining bu yo‘lakda harakatlanishi, to‘xtashi yoki yo‘lni kesib o‘tishi qat’iyan man etiladi. Chapga burilish va ortga qayrilish ikki yo‘nalishda ham taqiqlangan. Zarur hollarda faqat belgilangan chorrahalar orqali harakatlanish lozim.