Qambarota GES-1 loyihasi 4,2 milliard dollarga baholanmoqda

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, Qambarota GES-1 qurilishining dastlabki qiymati $4,2 milliardga baholanmoqda. Loyihani moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari tomonidan $5,6 milliardlik portfel shakllantirilgan.
Vazirga ko‘ra, Bryusselda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirlari bilan birga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, OPEK fondi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va Osiyo taraqqiyot banki kabi 10 ga yaqin yirik moliya tashkiloti vakillari ishtirok etgan.
Muzokaralarda moliya tashkilotlarining hammasi loyiha bilan tanishib chiqqach, uning hujjatlari hali to‘liq tayyor bo‘lmasdan turib, ushbu loyihani moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Qambarota GES-1 nafaqat iqtisodiy, balki ekologik jihatdan ham foydali loyiha hisoblanadi.
«Ko‘p loyihalarni amalga oshirganda, to‘g‘on qilingandan keyin ma’lum bir hududda suv ko‘payadi, va u yerda aholi punktlari yoki qandaydir boshqa obyektlar bo‘lsa, ko‘chirish kerak bo‘ladi. Ushbu loyihada bu narsalarning oldi olingan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, resurslarni to‘g‘ri boshqarish orqali yozgi vegetatsiya vaqtida qo‘shimcha suv resurslarini yetkazib berish imkoniyatini ham yaratadi», — deydi Mirzamahmudov.
Unga ko‘ra, loyihada Qirg‘iziston 34%, O‘zbekiston va Qozog‘iston esa 33 foizdan ulushga ega bo‘ladi. Har bir mamlakat o‘z ulushi miqdorida ishlab chiqilgan elektr energiyasidan foydalanadi. Vazir talab va taklifga ko‘ra, davlatlar o‘rtasidagi ulushlar o‘zgarishi ham mumkinligini qayd etdi.
Avvalroq Qambarota GES-1 qurilishiga YTTB va Yevropa investitsiya banki mablag‘ ajratishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Bryussel o‘tgan Global Gateway forumi doirasida Qambarota GES-1 loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Loyiha doirasida 5,4 mlrd kub metr suv sig‘imiga ega ombor va 1860 MVt quvvatli gidroelektr stansiya qurilishi rejalashtirilgan. Bu yiliga 5,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.