Qamchiq dovonida yirik turizm zonasi quriladi

Namangan viloyatining Qamchiq dovoni hududida zamonaviy dor yo‘li va dam olish majmuasi bunyod etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha 90 gektar maydonni qamrab oladi. Qurilish ishlarini Doppelmayr/Garaventa Group kompaniyasi amalga oshiradi.
13-oktabr kuni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kompaniya vakillari — Joxannes Triyebnik, Valeriy Yashin va Yevgeniy Kuprin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar loyiha doirasida barpo etiladigan obyektlar hamda hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.
Mazkur loyihani Aisha Group kompaniyasi rahbari, namanganlik tadbirkor Jobirxon Kamalitdinov moliyalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, Doppelmayr/Garaventa Group — Avstriya va Shveysariyada joylashgan, kanatli yo‘llar, gondolalar, liftlar hamda yo‘lovchi va yuk tashish tizimlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar guruhi hisoblanadi. Kompaniya hozirgacha dunyoning 96 ta mamlakatida 15 mingdan ortiq loyihalar amalga oshirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistondagi pullik yo‘llar qurilish haqida xabar bergan edi.