
Realme kompaniyasi yangi Realme GT 8 seriyasi taqdimot sanasini e’lon qildi. Taqdimot 21-oktabr kuni Xitoyda bo‘lib o‘tadi. Seriyaga Realme GT 8 va GT 8 Pro modellari kiradi.
GT 8 Pro modeli Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori va R1 grafik chipi bilan jihozlanadi. Bu Realme’ning yapon kameralar ishlab chiqaruvchisi Ricoh bilan to‘rt yil davom etgan hamkorlik natijasida yaratilgan ilk smartfoni. Qurilmada Ricoh GR’dan ilhomlangan beshta rang profili bo‘ladi: Positive Film, Negative Film, High Contrast Black & White, Standard va Black & White.

Smartfon 2K aniqlikdagi 144 Hz OLED displey, 7 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator, 120 Vt tezkor quvvatlanish va simli hamda simsiz quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qurilmaga ultratovushli barmoq izi skaneri, metall ramka, ikki dinamik va almashtiriluvchi kamera moduli o‘rnatiladi.
Oddiy Realme GT 8 versiyasi ham 6,6 dyuymli displey, 7 000 mA/soat batareya, ultratovushli skaner va metall ramka bilan ta’minlanadi. Ehtimol, u ham Ricoh GR asosidagi rang profillarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi seriyaning narxi hali e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Realme GT 8 va GT 8 Pro smartfonlariga oldindan buyurtmalar boshlangani haqida yozgan edi.