Toshkentdagi yangi xalqaro aeroportni Saudiya va Yaponiya kompaniyalari quradi

Yaponiyaning yirik kompaniyasi Sojitz joriy yilda Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishini boshlaydi. Loyihaning umumiy qiymati $1 milliardni tashkil etadi.
Aeroport Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi bilan hamkorlikda, davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi. Yangi aeroport 2028-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yiliga 20 million yo‘lovchini qabul qila oladi. Bu ko‘rsatkich uni Markaziy Osiyodagi eng yirik aeroportga aylantiradi.
Sojitz kompaniyasi bundan avval ham loyihaga sarmoya kiritishini ma’lum qilgandi. Xususan, korporatsiya prezidenti Kosuke Uemura «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida kompaniya Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishiga $200 mln sarmoya kiritishini aytgan. Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevga ko‘ra, loyihada jarayonlar raqamlashtiriladi va eng zamonaviy texnologiyalar qo‘llaniladi.
Sojitz bundan tashqari O‘zbekistonda bir necha yirik loyihalarni ham amalga oshirmoqda. Xususan:
- Samarqandda 800 o‘rinli zamonaviy shifoxona qurilishi (Turkiyaning Ronesans International kompaniyasi bilan);
- 1 gigavattli shamol elektr stansiyasi;
- 1,6 gigavattli issiqlik elektr stansiyasi.