
Yangilangan Chevrolet Cobalt ishlab chiqarilishi boshlandi, Qambarota GES-1 4,2 milliard dollarga baholandi, 5 grammli oltin quyma narxi 8,4 mln so‘mdan oshdi — 15-oktabrning muhim hodisalari — 15-oktabrning muhim hodisalari Kursiv Uzbekistan materialida.
Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi

Chernogoriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilib kelgan vaqtinchalik vizasiz tartibni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mazkur tartib 2025-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi, deb xabar bermoqda mamlakat hukumatining axborot portali.
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,4 mln so‘mdan oshdi

Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,314 mln so‘mdan 8,417 mln so‘mga, 10 grammli quyma 16,628 mln so‘mdan 16,834 mln so‘mga, 20 grammli quyma 33,255 mln so‘mdan 33,668 mln so‘mga ko‘tarildi.
15-oktabrdan respublika bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlandi

Prezident topshirig‘iga binoan 15-oktabrdan O‘zbekiston bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlandi. Ushbu oylik davomida mahallalar, maktab va bog‘chalar, ko‘chalar hamda turarjoylarda tozalash ishlari olib boriladi.
Shu bilan birga, Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan iborat maxsus shtablar tuzilmoqda. Ular viloyat, tuman va shaharlarda qat’iy ekologik nazoratni yo‘lga qo‘yadi hamda jamoatchilikka kundalik ma’lumot berib boradi.
Madagaskarda harbiylar hokimiyatni egalladi

Madagaskarda harbiylar mamlakat hokimiyatini egallab, prezident Andri Rajoelinani lavozimidan chetlatdi. Xabarga ko‘ra, prezident parlament tomonidan impichment qilinganidan so‘ng mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Jahon chempionati yoʻllanmasiga ega chiqqan jamoalar soni 28 taga yetdi

2026-yilda AQSh, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan 48 jamoadan 28 tasi yoʻllanmani naqd qildi. 14-oktabr oqshomida Yevropa qit’asidan birinchi boʻlib, Angliya terma jamoasi musobaqadagi ishtirokini rasmiylashtirgan boʻlsa, Afrika qit’asidan Senegal va Kot-dʼIvuar terma jamoalari ham oʻz yoʻllanmalarini qoʻlga kiritdi.
Slovakiya o‘zbekistonliklar uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda

Slovakiya o‘zbekistonliklar uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bratislavada O‘zbekiston va Slovakiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ilk konsullik maslahatlashuvlarida ma’lum qilindi. Uchrashuvda viza rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish, mehnat migratsiyasi va konsullik ma’lumotlari almashinuvi masalalari muhokama qilingan. Slovakiya tomoni arizalarni ko‘rib chiqish muddatini uch oydan bir oygacha qisqartirish imkoniyati ko‘rib chiqishi ma’lum qilgan.
OTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 500 million dollar ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston iqtisodiyotiga $500 millionlik qarz ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘ «Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturi» (2-bosqich) doirasida taqdim etilmoqda.
Dastur ilgari boshlangan islohotlarga asoslanib, davlat korxonalari boshqaruvini zamonaviylashtirish, fiskal shaffoflikni kuchaytirish va raqobatbardosh iqtisodiy muhitni yaratishni maqsad qiladi.
Qambarota GES-1 loyihasi 4,2 milliard dollarga baholanmoqda

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, Qambarota GES-1 qurilishining dastlabki qiymati $4,2 milliardga baholanmoqda. Loyihani moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari tomonidan $5,6 milliardlik portfel shakllantirilgan.
The Guardian o‘zbekistonlik futbolchini eng iqtidorli 60 nafar futbolchisi ro‘yxatiga kiritdi

Buyuk Britaniyaning nufuzli The Guardian nashri 2008-yilda tug‘ilgan eng iqtidorli 60 nafar yosh futbolchi ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida O‘zbekiston U-17 terma jamoasi va «Bunyodkor» klubi futbolchisi Sadriddin Hasanov ham joy oldi.
16-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

16-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 233,67 so‘m (+48,56 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 152,77 so‘mga oshib, 14 233,88 so‘mni, rubl esa 2,26 so‘mga oshib, 154,84 so‘mni tashkil qildi.
O‘zbekistonda yangilangan Chevrolet Cobalt ishlab chiqarilishi boshlandi — foto

«UzAuto Motors» AJ yangilangan Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Endilikda Cobalt modeli avvalgi uchta komplektatsiyadan tashqari yana ikkita yangi versiyada — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM — xaridorlarga taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 14-oktabrning muhim hodisalari haqida xabar bergandi.