
Time jurnali 2025-yil uchun eng yaxshi ixtirolar ro‘yxatini taqdim qildi. Jurnal so‘nggi bir yil davomida ixtiro qilingan 300 ta kashfiyotni ommaga ma’lum qildi.
Ixtirolar asosan Go‘zallik, Robototexnika, Salomatlik, Sun’iy intellekt, Oziq-ovqat va boshqa bir qancha sohalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Kashfiyotlar sohaga ta’siri, samaradorligi hamda bir necha mezonlar bo‘yicha baholanadi.
AST SpaceMobile BlueBird
AST SpaceMobile kompaniyasining BlueBird sun’iy yo‘ldoshlari orbitada joylashgan bo‘lib, yuqori 120 Mbps gacha tezlikda internet tarqatishni maqsad qilgan. Bu internet yaxshi bo‘lmagan hududlarda internet aloqa imkoniyatlarini kengaytiradi.

FireSat — erta yong‘in aniqlash tizimi
FireSat — bu Earth Fire Alliance, Muon Space va Google Research hamkorligida ishlab chiqilgan ilg‘or sun’iy yo‘ldosh tizimi bo‘lib, u o‘rmon yong‘inlarini erta bosqichda aniqlash uchun mo‘ljallangan.

Ambiq — energiya tejamkor AI chiplar
Ambiq kompaniyasining SPOT texnologiyasi sun’iy intellektni qurilmalarda bulutsiz, ya’ni lokal tarzda ishlashini ta’minlaydi. Bu esa quvvat sarfini keskin kamaytirib, batareyali gadjetlarda tezlik va samaradorlikni oshiradi. Hozirda Ambiq chiplaridan Garmin va Xiaomi kabi 280 milliondan ortiq qurilmada foydalanilmoqda.

Shuningdek, ro‘yxatdan Figure 03 uy roboti, Lenovo ThinkBook Transparent Display shaffof ekranli noutbuki, Huawei Mate XT Ultimate Design – uch marta buklanishi mumkin bo‘lgan ilk smartfon va Tecno Pocket Go o‘yin qurilmasi ham joy olgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shell brendi elektromobillarni besh baravar tezroq quvvatlashga yordam beradigan texnologiya ishlab chiqqani haqida xabar qilgan edi.