
AQShdagi yetakchi universitetlar Donald Tramp ma’muriyati ilgari surgan «kompakt» tashabbusini qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Hujjat oliy ta’lim muassasalariga federal mablag‘larga kirish imkonini beradi, biroq buning evaziga bir qator siyosiy shartlarni qo‘yadi.
Taklifga ko‘ra, universitetlar qabul jarayonida talabgorlardan jins, irq yoki millatni inobatga olmasligi, xorijiy talabalar sonini kamaytirishi kerak. Ko‘plab universitetlar bu talablarni akademik erkinlik va inklyuzivlik tamoyillariga zid deb hisoblamoqda.
Braun universiteti, MIT, Stenford va Yel kabi oliygohlar bu tashabbus ta’limda mustaqil qaror qabul qilish imkonini cheklashini aytmoqda. Ularning fikricha, bu siyosat ilmiy yutuqlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ekspertlar Tramp ma’muriyatining loyihasini universitetlar ustidan nazoratni kuchaytirish harakati deb baholamoqda. Shu bilan birga, ayrim kichik oliygohlar moliyaviy sabablar tufayli bu shartnomani imzolashni o‘ylamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA Trampning JCh o‘yinlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi tahdidlariga munosabat bildirgan edi.