Belgilangan joyga chiqindi tashlamaganlar 224 mln so‘m jarimaga tortildi

15-oktabr kuni butun respublika bo‘yicha chiqindini belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 328 ta holat qayd etildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, huquqbuzarlarga jami 224,36 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Prezident topshirig‘iga asosan hozirda mamlakatda tozalik va ozodalik oyligi o‘tkazilmoqda. Shu doirada mahallalar, ko‘chalar, ta’lim muassasalari va boshqa obyektlarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar chiqindilarni noqonuniy tashlash holatlarini doimiy nazorat qilmoqda.
Mutasaddilar aholiga murojaat qilib, atrof-muhitga e’tiborli bo‘lish va tozalik oyligida faol ishtirok etishga chaqirdi. Atrof-muhitni ifloslantirish esa qonunchilikda keskin javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda xorijiy korxona tabiatga 7 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazgan edi.