Elektrotexnika korxonalariga aylanma mablag‘ kreditlari bo‘yicha imtiyoz beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, elektrotexnika sanoatida 2026-yilda eksport geografiyasi 80 ta davlatgacha kengaytiriladi va eksport hajmi $3 milliardga yetkaziladi. 2030-yilda esa mis xomashyosining birja savdolari hajmi 225 ming tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026 – 2027-yillarda elektrotexnika sanoati korxonalariga aylanma mablag‘ uchun kreditlar bo‘yicha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlov chorasi ko‘rsatiladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi hisobidan:
- 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlarning bir qismi bo‘yicha foiz stavkalari kompensatsiya qilinadi;
- 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlarning 50 foizigacha kafillik taqdim etiladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatidagi rivojlanish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida ishlab chiqarish hajmi 16,3% o‘sib, 34 trln so‘mga, eksport esa $970 mlnga yetdi. Sohada yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.