Farg‘ona vodiysining yalpi hududiy mahsuloti sakkiz yilda 19,8 milliard dollarga yetdi

eʼlon qilindi
Real o‘sish 60 foizni tashkil etdi
Farg‘ona vodiysining yalpi hududiy mahsuloti sakkiz yilda 19,8 milliard dollarga yetdi
Farg‘ona vodiysi yalpi hududiy mahsuloti sakkiz yilda 19,8 milliard dollarga yetdi. Foto: ijtimoiy tarmoq

So‘nggi sakkiz yilda Farg‘ona vodiysi yalpi hududiy mahsuloti (YaHM) $7,9 milliarddan $19,8 milliardga yetdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Shu bilan birga, real o‘sish 60 foizni tashkil etib, o‘rtacha iqtisodiy ko‘rsatkichdan 56 foizga oshdi.

Vodiyning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 17,2 foizga yetdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real YaHM 37 foizga oshgan. 2020 – 2024-yillarda daromadlar 68 foizga ko‘payib, $1,8 mingdan $3 mingga yetgan.

Bundan tashqari, xizmatlar, sanoat va qurilish sohalari ulushi oshgan, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi esa 30 foizga o‘sdi. Hudud eksporti $2,7 milliardga yetib, 2,4 barobar ko‘paygan.

2017 – 2024-yillarda umumiy qiymati $31,2 milliardlik investitsiya loyihalari amalga oshirilgan va 975 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan. Shu bilan birga, alohida tarzda «umumqamrovli» o‘sish infratuzilmasini shakllantirayotgan loyihalar qayd etildi. Bunda «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasi 210 gektargacha kengaytirildi, 2026-yil oxirigacha $1 mlrdgacha investitsiya jalb etish va 12 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Obid Hakimov «yashil koridorlar»ni joriy etish, qo‘shma sanoat va qishloq xo‘jaligi klasterlarini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini mustahkamlash hamda «yashil» loyihalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. U, shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida tizimli uch tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yagona standartlarni joriy etish va infratuzilma loyihalarini muvofiqlashtirish mintaqa barqarorligini yanada mustahkamlashini qayd etdi.

Avvalroq 2025-yilning yanvar – avgust oylarida Farg‘onada jami 11,5 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, eng katta qurilish hajmi Toshkent shahrida qayd etildi — 56,2 trillion so‘m. 

Shuningdek