
AQSh prezidenti Donald Tramp Boston shahridagi xavfsizlik muammolari tufayli 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini boshqa joyga ko‘chirish mumkinligini aytganidan so‘ng, FIFA barcha 16 mezbon shahar turnirni muvaffaqiyatli o‘tkazishga tayyor bo‘lishiga umid bildirdi.
FIFA Sky News’ga bergan izohida AQSh prezidenti Donald Tramp 2026-yilgi jahon chempionatini o‘tkazish uchun qaysi shaharlar xavfsiz deb hisoblanishini aytishga haqli ekanini bildirdi.
«Shubhasiz, xavfsizlik masalasi hukumatlar zimmasidagi majburiyatdir, ular jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur qarorlarni qabul qiladi», — deyiladi FIFA bayonotida.
Tashkilot, shuningdek, barcha 16 mezbon shahar turnirga tayyor bo‘lishiga va barcha zarur talablarni bajara olishiga umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp 2026-yilgi Jahon chempionati o‘yinlari Boston shahridan ko‘chirilishi mumkinligini aytgan edi. Unga ko‘ra, shahar oktabr oyi boshida sodir bo‘lgan ko‘cha tartibsizliklaridan so‘ng xavfsiz emas.
Ushbu voqealarda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jarohat olgan. Boston shahrida jahon chempionati doirasida yettita o‘yin o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Boston meri Mishel Vu esa Trampning bayonotiga javoban, uning bu fikrini rad etdi. Unga ko‘ra, barcha kelishuvlar shartnomalar bilan mustahkamlangan va hatto Tramp ham bu qarorlarni o‘zgartira olmaydi.
2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatida rekord darajada 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Turnir uch davlatda o‘tkaziladi: AQShdagi 11, Meksikadagi 3 va Kanadadagi 2 shahar mezbonlik qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Superliga klublari ilk bor FIFA dasturidan mablag‘ olishi haqida xabar bergan edi.