
Buxoro viloyatida sud tizimida faoliyat yurituvchi xodim pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi arxiv mudiri sudlanayotgan shaxsga sud jarayonida yengillik yaratish va hukm o‘zgarmasligiga va’da berib, buning evaziga $700 talab qilgan. U ilgari $100 olgan, qolgan $600 ni olayotgan paytda esa ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda arxiv mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edik.