Gadjetlar

Honor Magic8 smartfoni taqdim etildi

Model uchun oldindan buyurtmalar Xitoyda boshlangan
Honor
Honor Magic8 taqdim etildi / Foto: Honor

Honor kompaniyasi tomonidan yangi Honor Magic8 smartfoni taqdim etildi. Qurilma Snapdragon Elite Gen 5 protsessorida ishlaydi va Android 16 asosidagi MagicOS 10 tizimida boshqariladi.

Model uchun oldindan buyurtmalar Xitoyda boshlangan, savdolar esa 23-oktabrdan start oladi.

Yangi smartfon 6,58 dyuymli OLED displeyga ega bo‘lib, ekranning ramkasi atigi 1,18 mm. Ruxsati 1,5K, yangilanish tezligi esa 120 Hz.

Foto: Honor

Kameralar tizimi Magic8 Pro modelidan soddaroq bo‘lib, asosiy modulda 50 megapikselli (f/1.9) sensor o‘rnatilgan. Keng burchakli kamera ham 50 megapikselli (f/2.0) datchikka ega. Shuningdek, smartfon 3 karra optik zumga ega 64 megapikselli periskopli telefoto kamera bilan jihozlangan.

Batareya sig‘imi 7000 mA/soat, u 90 Vtli simli va 80 Vtli simsiz quvvat oladi. Qurilma IP69K himoya darajasiga ega, ya’ni suv va changdan to‘liq himoyalangan.

Qo‘shimcha imkoniyatlar qatorida ekran osti ultratovushli barmoq izi skaneri, NFC va IK-port mavjud.

Narxlar quyidagicha:

  • 12/256 GB — $630;
  • 12/512 GB — $675;
  • 16/512 GB — $700;
  • 16 GB / 1 TB — $770.

Honor Magic8 o‘zining yuqori texnik ko‘rsatkichlari va ixcham dizayni bilan flagmanlar orasida raqobatbardosh model sifatida e’tirof etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Honor MagicPad 3 Pro plasheti taqdim etilgani haqida yozgan edi.