Yangiliklar

Koreyada o‘zbekistonliklar uchun mavsumiy ish dasturi qayta tiklandi

Dastlab uchta hududga sinov tariqasida ishchilar yuboriladi
Koreyada o‘zbekistonliklar uchun mavsumiy ish dasturi qayta tiklandi
Koreyada o‘zbekistonliklar uchun mavsumiy ish dasturi qayta tiklandi. Foto: Migratsiya agentligi

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi muzokaralar natijasida E-8 vizasi asosidagi mavsumiy ishchilar dasturi yana yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Koreyaning Gyeongsangnam-do provinsiyasi gubernatori Pak Wansu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar Toshkent viloyati aholisi orasidan ishchilarni tanlab olish va ularni provinsiyaning Hapchon, Chongnyang hamda Miryang hududlarida sakkiz oy muddatga qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etishga kelishib oldi.

Shuningdek, Migratsiya agentligi va Gyeongsangnam-do provinsiyasi o‘rtasida mavsumiy ishchi kuchi bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu hujjat Koreya bilan tuzilgan avvalgi bitimning amaliy bosqichi hisoblanadi.

Dastlab uchta hududga sinov tariqasida ishchilar yuboriladi. 2026-yildan boshlab o‘zbekistonlik ishchilarning intizomi va samaradorligiga qarab dastur boshqa hududlarga ham kengaytiriladi.

Migratsiya agentligi fuqarolardan barcha shartlarga rioya qilish va belgilangan muddatda vatanga qaytishni so‘ramoqda, chunki bu kelajakda boshqa fuqarolar uchun imkoniyatlarni kengaytirish yoki cheklashda muhim omil bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Koreya E-7 malakali ishchi vizasi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar provinsiyaning yirik sanoat tarmoqlarida hududiy viza asosida yuqori malakali mutaxassis sifatida o‘z bilim va tajribalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.