Kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlar aniqlanadi

Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni kosmik monitoringdan foydalanish orqali iqtisodiy o‘sish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda aerokosmik ma’lumotlardan iqtisodiyotning turli sohalarida keng foydalanilmoqda. Prezidentning 30-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringini o‘tkazadi hamda ruxsatsiz kon ishlatish holatlarini aniqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Hisobotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon kosmik kuzatuvlar orqali 2 mingdan ortiq noqonuniy kon ishlatish holati aniqlangan. Shuningdek, 33 mingdan ziyod o‘zboshimcha qurilish qayd etilgan bo‘lib, ularning aksariyati qishloq xo‘jaligi yerlarida joylashgan. Shu sababli, noqonuniy qurilishlarni tezkor aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi yagona axborot tizimini yaratish topshirildi.
Prezident joylardagi bo‘sh yer uchastkalarini aniqlash va ularni iqtisodiy faoliyatga jalb etish muhimligini ham qayd etdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, mamlakatning oltita hududida 300 gektarga yaqin bo‘sh yerlar aniqlanib, ulardan 95 gektari Toshkent shahrida auksionga chiqarilgan.
Yig‘ilishda sun’iy intellekt yordamida kosmik ma’lumotlarni tahlil qilish, daraxtlar kesilishi, gaz sizib chiqishi, quyosh panellari va yo‘l tarmoqlaridagi nosozliklarni aniqlash kabi loyihalar taqdim etildi. Shuningdek, 2028-yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident «Yangi avlod» sanoat zonasidagi yirik loyihalar bilan tanishgan edi.