
Oksford universitetining «Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari» fakultetida endi o‘zbek va eski o‘zbek tillari o‘rganiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
U universitetdan O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlar e’tirofi sifatida mukofot qabul qilganini bildirdi.




Shuningdek, Mirziyoyeva universitetdagi Bodlian kutubxonasi bilan tanishganini ta’kidladi.
«Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Ko‘ragoniy», Alisher Navoiyning «Xamsa», Husayn Boyqaroning «Devoni Husayniy», Boburiylar davriga oid miniatyuralar va boshqa ko‘plab nodir kitoblar saqlanayotgan Bodlian kutubxonasi bilan tanishuv iliq taassurot qoldirdi», — deydi u Telegram sahifasida.
Bundan oldin Saida Mirziyoyeva Buyuk Britaniya G‘aznachiligi iqtisodiy kotibi bilan uchrashgandi. Unda tomonlar O‘zbekistondagi islohotlar va mamlakatimizning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish jarayonini muhokama qildi.