O‘zbekiston pasporti Henley reytingida 10 pog‘onaga pastladi

eʼlon qilindi
Oktabr oyi boshida Chernogoriya hukumati O‘zbekiston, Armaniston va Misr fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi
O‘zbekiston pasporti reytingda pastladi
Foto: Kursiv Uzbekistan

2025-yil 16-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Henley Passport Index reytingida 72-o‘rindan 82-o‘ringa tushdi. Bu bir oy ichida mamlakat pozitsiyasi o‘nta pog‘onaga pasayganini anglatadi.

Reyting tuzuvchilari ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston fuqarolari vizasiz tarzda 61 ta davlatga kirish huquqiga ega. Sentabr oyida bu ko‘rsatkich 62 ta mamlakat edi.

Oktabr oyi boshida Chernogoriya hukumati O‘zbekiston, Armaniston va Misr fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi. Bu qaror Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasidagi choralar bilan izohlangan.

Henley Passport Index yetakchilari sifatida Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya qayd etilgan. Reytingning kuchli beshligiga Italiya va Germaniya (4), shuningdek, Avstriya va Belgiya (5) kirgan.

Reytingning eng past pog‘onalarida esa Iroq (104), Suriya (105) va Afg‘oniston (106) joylashgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Slovakiya o‘zbekistonliklar uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek