Poytaxtdagi yana o‘nta ko‘chada yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unda «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasi rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. 774 gektar hududda 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda, yana 30 ta loyiha uchun investorlar aniqlangan. Umumiy investitsiyalar hajmi $1,2 mlrdni tashkil etadi.
Sanoat zonasini kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligi ta’kidlandi. $288 mlnlik multimodal logistika terminali Dubayning DP World kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etiladi.
«BRT» tezkor avtobus tizimi asosida yana 10 ta ko‘chada yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi. Mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish tizimlarini yangilash uchun 1 trln so‘m ajratiladi.
Prezident poytaxtdagi o‘zgarishlar aholiga qulay sharoit yaratish, iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, Buxoro shahrida turizm infratuzilmasini kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlar aniqlanishi haqida yozgan edik.