Qashqadaryoda ish so‘ragan ayolga intim taklif qilgan maktab direktori ishdan olindi

Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanidagi 17-maktab direktori ish so‘ragan ayolga jinsiy aloqa taklif qilgani uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyatning Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Holat boshqarma tomonidan o‘rganilgan va direktor 2025-yil 16-oktabrdagi boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i bilan ishdan bo‘shatilgan.
«Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi pedagog maqomiga dog‘ tushiruvchi har qanday salbiy holatni qoralaydi va keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi», — deyiladi rasmiy munosabatda.
Boshqarma bunday xatti-harakatlarni keskin qoralashini va pedagog obro‘siga dog‘ tushiruvchi har qanday holatga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini bildirdi.
Bundan avval shunday holat vazirlikning o‘zida ham aniqlangandi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimi ayolga menejerlik sertifikati olib berish va uni maktab direktori lavozimiga qo‘yish evaziga intim xizmat talab qilgan. Holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuv katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng vazirlik matbuot xizmati holatga munosabat bildirib, mazkur vaziyat ishtirokchisi bo‘lgan xodim lavozimidan ozod etilganini tasdiqlagandi.