
Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi 2026-yilgi haj mavsumida faqat «Nusuk» platformasi orqali tibbiy sog‘lomlik guvohnomasiga ega bo‘lgan ziyoratchilarga haj vizasi berilishini ma’lum qildi. Bu haqda Haj-Umra markazi xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha ziyoratchilarni puxta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va haj safariga yaroqliligini aniqlash bo‘yicha tegishli idoralarga majburiyat yukladi. Bu talab hojilarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan.
Ba’zi kasalliklarga chalingan shaxslar – buyrak yetishmovchiligi, yurak va o‘pka kasalliklari, jigar sirrozi, og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar, demensiya, xavfli homiladorlik, yuqumli va onkologik kasalliklar – haj safariga yuborilmaydi.
Tibbiy guvohnomasiz haj vizasi berilmaydi, yolg‘on ma’lumot taqdim etganlarga esa chora ko‘riladi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Haj va Umra markazi ziyoratchilarni yangi talablarni to‘liq bajarishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Haj mavsumida 8 nafar o‘zbekistonlik Saudiya Arabistonida vafot etgani haqida yozgan edik.