
Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik-ko‘ngilochar festival o‘tkazilishi sababli ko‘chaning bir qismida transportlar harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Mirobod tumani hokimligi xabar berdi.
Unga ko‘ra:

- Taras Shevchenko ko‘chasining Fidokor ko‘chasi kesishmasidan Nukus ko‘chasi kesishmasigacha;
- Sayyid Baraka ko‘chasining Oybek ko‘chasi kesishmasidan Amir Temur shohko‘chasigacha bo‘lgan qismida transport vositalari harakati 20-oktabr soat 07:00 gacha yopiladi.
Ushbu davrda haydovchilarga muqobil yo‘nalishlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Avvalroq Parkent va Zangiota tumanlarida ham Taras Shevchenko kabi gastronomik ko‘chalar tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov Taras Shevchenko ko‘chasi ishga tushirilgach hududga kelayotgan turistlar soni uch baravarga oshgani, tadbirkorlarning tushumi esa 40 foizga ko‘payganini aytgan.