Umra safarini noqonuniy reklama qilgan uchta turfirma jarimaga tortildi

Raqobat qo‘mitasi Umra safariga oid reklama qonunbuzarliklari yuzasidan uchta turfirma va to‘qqizta ijtimoiy tarmoq kanali mas’ullariga nisbatan chora ko‘rdi.
Jumladan, «Mus Ali Tour», «Amirxan Travel» hamda «Travel ata» kompaniyalariga litsenziyasiz reklama joylashtirgani uchun moliyaviy jarima qo‘llandi.
Bundan tashqari, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlarida faoliyat yurituvchi to‘qqizta Telegram va Instagram kanali (Farg‘ona tour 2022, Saidislom, Sux Umra ziyorati, Musaffo Travel, Haj_2025, Shaxand va qo‘shni hududlar, Leaf travel) hamda «Mustafa Travel» MChJ mas’ullari ham reklama qoidalarini buzganliklari uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qonunbuzarliklar bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Bundan avval ham Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida Umra haqida litsenziyasiz reklama tarqatgan fuqaro va turfirmalar aniqlangandi. Unga ko‘ra, mazkur turfirmalar jarimaga tortildi va ba’zilarining ishi bo‘yicha hujjatlar sudga yuborildi.