Urganch xalqaro aeroporti modernizatsiya qilinadi

eʼlon qilindi
Bu bo‘yicha Janubiy Koreya kompaniyasi bilan hujjat imzolandi
Urganch xalqaro aeroporti modernizatsiya qilinadi / Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent shahrida Uzbekistan Airports kompaniyasi va Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation korporatsiyasi o‘rtasida Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.

Hujjatlarni imzolash marosimida Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev, Incheon International Airport Corporation prezidenti Li Xak-Chje, Urganch xalqaro aeroporti direktori Oybek Matkarimov hamda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov ishtirok etdi.

Javlonbek Umarxodjayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hamkorlik O‘zbekiston aeroportlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va mamlakatning tranzit salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bitim aeroportni «Qurilish, boshqarish va topshirish» (BOT) modeli asosida yangilashni ko‘zda tutadi. Xususiy sherik yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish hamda boshqarish uchun mas’ul bo‘lsa, davlat tomoni aerodrom majmuasini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, tender natijasiga ko‘ra, dunyodagi eng ilg‘or aeroportlardan biri bo‘lgan Inchxon aeroporti boshqaruvchisi — Incheon International Airport Corporation loyihaning g‘olibi sifatida tanlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportida uchib kelish terminali rekonstruksiya qilinayotgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek