Yangiliklar

Venesuelalik Nobel mukofoti sovrindori Trampdan yordam so‘radi

Maduro siyosatiga qarshi kurashda
Venesuelalik Nobel mukofoti sohibasi Trampdan yordam so‘radi / Foto: Aa.com

Venesuelalik muxolifat yetakchisi va 2025-yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Mariya Korina Machado prezident Nikolas Maduro siyosatiga qarshi Donald Trampdan yordam so‘radi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Machado CNN’ga bergan intervyusida Trampni jinoiy narkoterrorizm tizimiga qarshi kurashda qat’iyatli siyosat yuritayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, Trampning Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlari uchun Nobel mukofotiga loyiq ekanini aytdi.

So‘nggi haftalarda AQSh harbiylari Venesuela sohillarida bir necha kemalarga zarba bergani, Tramp ma’muriyati ularni giyohvandlik moddalari kontrabandasiga aloqador deb atagani xabar qilingan.

Machado Maduro rejimini oltin, giyohvandlik moddalari va qurol savdosidan foyda olayotgan jinoyatchi tuzum deb atadi va bu oqimlarni to‘xtatish orqali mamlakatda o‘zgarish qilish zarurligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Venesuela hozirda Rossiya, Xitoy, Kuba va Eron ta’siri ostida qolgan hamda terrorizm uchun xavfsiz maskanga aylangan. Shu bois u xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, AQShdan faolroq yordam kutayotganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston va Afg‘oniston chegarasidagi to‘qnashuvda 12 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgani haqida yozgan edik.