Yangiliklar

Xitoyda dunyodagi eng yirik oltin koni topildi

Yangi topilmaning zaxirasi 1 100 tonna oltinga teng
Oltin koni
Foto: The Daily Galaxy

Xitoyning Hunan provinsiyasidagi Wangu oltin konida eng yirik qatlam aniqlandi. Popularmechanics nashrining qayd etishicha, u hajmi bo‘yicha hozircha ma’lum bo‘lgan barcha konlardan yirikligi bilan ajralib turadi.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, yangi topilmaning zaxirasi 1,1 ming tonna oltinga teng bo‘lib, u yerostida 3 ming metrdan ham chuqurroq joylashgan. Bu kon qiymati $83 mlrd atrofida baholanmoqda.

Geologlar 40 dan ortiq oltin tomirlarini aniqlagan, ularning umumiy hajmi 330 tonnani tashkil etadi. Ammo 3D modellashtirish natijalariga ko‘ra, bu raqam 1 100 tonnagacha yetishi mumkin. Bundan tashqari, rudaning sifat ko‘rsatkichi ham yuqori. 1 tonna rudada 138 gramm sof oltin mavjud.

Bu topilma tasdiqlansa, u Janubiy Afrikadagi South Deep konini ham ortda qoldirib, dunyoning eng yirik oltin koniga aylanadi.

Xitoy hozirda jahondagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lib, global ishlab chiqarishning 10 foizini tashkil etadi. Shunga qaramay mamlakat ichki ehtiyojni qoplash uchun har yili uch baravar ko‘proq oltin iste’mol qiladi. Shu sababli yangi topilma Xitoy uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,4 mln so‘mdan oshgani haqida yozgan edi.