2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,8 foizga o‘sadi — XVJ

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2025-yil uchun O‘zbekiston bo‘yicha yangilangan iqtisodiy prognozini e’lon qildi. Fondning oktabr hisobotiga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YIM) 2025-yilda 6,8 foizga o‘sishi kutilmoqda. 2026-yilda esa o‘sish sur’ati 6 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
XVJ ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 2025-yilda 9,1 foiz, 2026-yilda esa 7,3 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Mutaxassislar bu pasayishni hukumatning narx barqarorligini saqlashga qaratilgan siyosati va pul-kredit tartibotining bosqichma-bosqich qat’iylashuvi bilan izohlamoqda.

Shuningdek, jamg‘arma ekspertlari ishsizlik darajasi 2025-yilda 5 foiz, 2026-yilda esa 4,5 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilgan. Bu ko‘rsatkich mehnat bozori barqarorlashib borayotganini bildiradi.
XVJ hisobotida qayd etilishicha, global iqtisodiyot ham 2025-yilda 3,2 foizga, 2026-yilda esa 3,1 foizga o‘sadi. Biroq xalqaro bozorlarda siyosiy beqarorlik va savdo siyosatidagi o‘zgarishlar iqtisodiy faollikka bosim o‘tkazmoqda.
«Jahon iqtisodiyoti hozirgi siyosiy sharoitlarga moslashmoqda. Ayrim yuqori boj stavkalari bo‘yicha kelishuvlar tufayli bosim yumshadi, ammo umumiy muhit hali ham o‘zgaruvchan. 2025-yilning birinchi yarmida o‘sishni qo‘llab-quvvatlagan vaqtinchalik omillar, masalan, import tovarlarini oldindan xarid qilish tendensiyasi, asta-sekin susaymoqda», — deyiladi XVJ sharhida.
Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlari mamlakatda olib borilayotgan sanoatni modernizatsiya qilish, xususiy sektorni rivojlantirish va investitsion muhitni yaxshilash siyosati natijasidir.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri jahon banki O‘zbekistonga $800 mln ajratishi haqida yozgan edi.