Yagona namunadagi elektron guvohnoma joriy etildi

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan nomzodlarga yagona namunadagi elektron guvohnoma beriladi.
Guvohnoma o‘quv tashkilotlari tomonidan «e-avtota’lim.uz» tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi va u haydovchilik guvohnomasini olish uchun zarur hujjatlardan biri bo‘ladi.
Shuningdek, bu guvohnoma uchun hech qanday yig‘im undirilmaydi.
Avvalroq haydovchilik guvohnomasini yo‘qotib qo‘yganlar uni yangilash uchun my.gov.uz portali orqali onlayn ariza topshirishi mumkinligi xabar qilingandi. Buning uchun my.gov.uz saytidagi «Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish» xizmatidan foydalanib, «Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash» bo‘limida ariza yuborishi lozim.
Xizmat narxi – 370 800 so‘m. Guvohnomani pochta orqali olishni istaganlar, qo‘shimcha 25 000 so‘m to‘lov qilishi kerak. Yangi guvohnoma onlayn tartibda bir ish kuni ichida, pochta orqali esa uch ish kuni ichida yetkaziladi.