Yangi xalqaro aeroport 2029-yilda foydalanishga topshiriladi

Janubiy Koreyaning The Korea Herald nashri xabariga ko‘ra, Toshkentda barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroport 2029-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha bo‘yicha maslahat va texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini Incheon International Airport Corporation (IIAC) amalga oshiradi.
IIAC kompaniyasi O‘zbekiston bilan $24,5 mlnlik besh yillik shartnoma imzolagan. Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab Janubiy koreyalik mutaxassislar IT-infratuzilma, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimi va aeroport boshqaruvi bo‘yicha yordam beradi.

Loyiha joylashuvi va ulushdorlar tarkibi
Yangi Toshkent aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, 1,3 ming gektar maydonda barpo etiladi.
Konsorsium tarkibiga quyidagi kompaniyalar kirgan:
- Vision Invest (Saudiya Arabistoni) — 45% ulush,
- Sojitz Corporation (Yaponiya) — 30% ulush,
- Uzbekistan Airports (O‘zbekiston) — 10% ulush,
- Incheon International Airport Corp (Janubiy Koreya) — 15% ulush.

Qurilish bosqichlari va investitsiya hajmi
Loyiha to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda $2,6 mlrd investitsiya kiritiladi. Shundan:
- $1,8 mlrd — aerovokzal qurilishi uchun,
- $800 million — aerodrom infratuzilmasini yaratish uchun yo‘naltiriladi.
Aeroportning yangi majmuasi yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk qabul qilish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyasini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
IIACning roli va strategik maqsadlari

Korea Herald nashriga ko‘ra, IIAC kompaniyasi yangi aeroport va unga tutash shaharning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda faol ishtirok etadi. Bu jarayonda transport qulayligi, logistika zonalari, tijorat va turizm infratuzilmasi kabi yo‘nalishlar inobatga olinadi.
IIAC shuningdek, Urganch aeroportini modernizatsiya qilish loyihasida ham qatnashmoqda. Ishlar yakunlangach Koreya kompaniyasi Toshkent aeroportini 19 yil davomida boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.
O‘zbekistonning mintaqaviy ahamiyati
IIAC bosh direktori Li Xak Je (Lee Hak-jae) O‘zbekistonning Markaziy Osiyo transport markaziga aylanish salohiyati borligini ta’kidladi.
«Bizning maqsadimiz – bu hududda Incheon aeroportiga o‘xshash zamonaviy aviatsiya markazlarini yaratish. O‘zbekistonning geografik joylashuvi bu yo‘nalishda katta imkoniyatlar beradi», — dedi Li Xak Je.
Yangi Toshkent aeroporti qurilishi yakunlangach u nafaqat mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo uchun strategik logistika va turizm markaziga aylanishi kutilmoqda.
Avvalroq prezident yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishini boshlab bergani haqida yozgan edi.